ائلچین  کتاب

ائلچین کتاب

تورک دیلی و ادبیاتی
ائلچین  کتاب

ائلچین کتاب

تورک دیلی و ادبیاتی

Alisher navoiy: Tuyuqlar



TUYUQLAR


1

Yo rab, ul shahdu shakar, yo labdurur, 

Yo magar shahdu shakar yolabdurur.

Jonima payvasta novak otqali 

G`amza o`qin qoshig`a yolabdurur.

2

Javr o`qin jonimg`a soqiy yozmadi, 

Vasl jomidin xumorim yozmadi.

Kilki qudrat sabz xatlar ishqidin 

O`zga ish ollimg`a go`yo yozmadi.

3

Yo qoshingdin necha bir o`q ko`z tutay, 

Otki, o`trusig`a aning ko`z tutay.

Necha ko`rgach o`zga mahvashlar qoshin, 

Yangi oy ko`rgan kishidek ko`z tutay.

4

La`lidin jonimg`a o`tlar yoqilur, 

Qoshi qaddimni jafodin «yo» qilur.

Men vafosi va`dasidin shodmen, 

Ul vafo, bilmonki, qilmas yo qilur.

5

Bovujud ul yuz erur gulgunasiz 

Kim, ko`runur ollida gulgunasiz.

Yuz qizilliq yo`qturur, ey ahli zuhd, 

Toki munkirsiz mayi gulguna siz.

6

Charx tortib xanjari hijron bu tun, 

Qo`ymadi bir zarra bag`rimni butun.

Tunga borib bizni behol aylading, 

Ne balolig` yer emish, yo rab, bu tun.

7

O`tkali ul sarvi gulruxsoridin, 

Yo`q xabar ul sarvi gul ruxsoridin.

Hajridin bog` ichra berur yodima 

Qomatidin sarvu gul ruxsoridin.

8

Tig`i ishqing yorasidur butmagan, 

Dardini har kimga aytib butmagan.

Hajr sahrosidur ohim o`tidin, 

Anda gul yoxud giyohe butmagan.

9

Vah, qachong`a tegru ishqing kojidin 

Ko`zuma har lahza o`t choqilg`usi.

Basdurur ko`nglumda ishqing, yoqma o`t 

Kim, harorat ul ham o`tcha qilg`usi.

10

Ul pariy ishqida bu devonani 

Eyki istarsen, kelib gulxanda ko`r.

Bir qadah ul gulni xandon ayladi, 

Ey ko`ngul, nazzora qil, gulxanda ko`r.

11

Yog`di javrung o`qi hajring toshidek, 

Qildi qon ko`nglum ichin ham toshidek.

Sochqali mohim ayog`ig`a sipehr,

Ko`z yoshimning la`lu durrin toshidek.

12

Naqsh tushmish ko`zda ul yoshim mening, 

Uylakim, bormas buyon yoshim mening.

Komim o`lmoqdur habibimdin yiroq,

Gar xud o`lsun Xizrcha yoshim mening.

13

Necha dedim ul sanamg`a bormag`in,

Qilmadi ul tark oxir bormag`in.

Munchakim xudroyliq ko`rguzdi ul, 

Aql hayrat qildi, tishlab bormag`in.

14

Olmani otti nigorim, "ol",-dedi

"Olma birla bu ko'ngilni ol",-dedi

So'rsam ersa olamsini rangini

"Olma rangin ne so'rursan, ol",-dedi 

15

Pardani ruxsorasidan olmangiz,

Nohaq o'lturdi meni shul olmangiz;

Gar anoristong'a sunsa ilgini,

Aytur: - Ul tursun,amonat,olmangiz!